2 yoshda bola odatda nimalarni qila oladi
Tipik rivojlanishda 2 yoshli bola mustaqil yuradi va yugurishga urinadi, ushlab turmasdan cho‘nqayadi va turadi, zinapoyaga qo‘l ushlab chiqadi, to‘pni tepadi, qoshiqni ushlaydi, minora shaklida 4–6 ta kubikni terib qo‘yadi. Nutqda 50 ga yaqin so‘z va oddiy ikki so‘zli birikmalar bo‘ladi.
Bu mezonlardan bir necha oylik farq har doim ham kasallik degani emas. Lekin bir nechta belgi birga uchrasa yoki bola avval o‘rgangan ko‘nikmasini yo‘qotsa — bu nevrolog ko‘rigi uchun aniq sabab.
DSP ga shubha uyg‘otadigan belgilar
Serebral falaj — bu miyaning erta rivojlanish davrida shikastlanishi natijasida yuzaga keladigan harakat va poza buzilishlari guruhi. Kasallik zo‘rayib bormaydi, lekin davolanmasa mushak qisqarishlari (kontrakturalar) va bo‘g‘im deformatsiyalari rivojlanishi mumkin.
- ✓Bola 2 yoshda mustaqil yura olmaydi yoki faqat panjalarida (oyoq uchida) yuradi
- ✓Bir tomon qo‘l yoki oyoq boshqasidan sezilarli kam ishlatiladi (bir qo‘lni doim mushtlab ushlab turish)
- ✓Mushaklar juda taranglashgan (oyoqlar qaychisimon kesishadi) yoki aksincha bo‘shashgan, bola “oqib ketayotgandek”
- ✓Muvozanat yomon: tez-tez yiqiladi, o‘tirgan holatda ham qo‘llab turishga ehtiyoj bor
- ✓Kubik, qoshiq kabi mayda buyumlarni ushlash qiyin, harakatlar burchakli va noaniq
- ✓Chaynash va yutish qiyin, so‘lak oqishi davom etadi
- ✓Kuchli bezovtalik, uyquning buzilishi, ba’zan tutqanoqsimon xurujlar
Tashxis qanday qo‘yiladi
Tashxis faqat bitta tekshiruv bilan emas, majmuaviy tarzda qo‘yiladi: homiladorlik va tug‘ruq tarixi, nevrologik ko‘rik, mushak tonusi va reflekslarni baholash, rivojlanish shkalalari. Zarur bo‘lsa bosh miya MRT, EEG (xuruj shubhasi bo‘lsa), NSG, ko‘ruv va eshitish tekshiruvi tayinlanadi.
Ko‘pincha ota-onalar “kutamiz, o‘zi tuzalib ketadi” deb vaqt yo‘qotadi. Amalda esa 2 yosh — miya moslashuvchanligi hali juda yuqori bo‘lgan davr, ya’ni mashg‘ulotlar eng katta samara beradigan payt.
Davolash va reabilitatsiya
DSP da asosiy ish — uzluksiz reabilitatsiya. Shaxzod Medical klinikasida bu jarayon bitta jamoa tomonidan olib boriladi: nevrolog davolash rejasini tuzadi, LFK mutaxassisi harakat ko‘nikmalari ustida ishlaydi, massaj va fizioterapiya mushak tonusini muvozanatlaydi, logoped nutq va chaynash-yutish funksiyasi bilan shug‘ullanadi.
Reabilitatsiya kurslar shaklida, bola holatiga qarab stationar (yotib) yoki ambulator (qatnab) tarzda o‘tkaziladi. Ota-onaga uy sharoitida bajariladigan mashqlar yozma ko‘rinishda beriladi — kundalik takrorlash klinikadagi mashg‘ulot bilan bir xil darajada muhim.
Ota-onalar ko‘p so‘raydi
2 yoshda DSP tashxisini aniq qo‘yish mumkinmi?
Ha, 2 yoshda klinik manzara odatda yetarlicha aniq bo‘ladi va tashxis qo‘yiladi. Ba’zi yengil shakllarda kuzatuv davri kerak bo‘lishi mumkin, lekin reabilitatsiyani tashxis yakunlanishini kutmasdan boshlash tavsiya etiladi.
Oyoq uchida yurish har doim DSP belgisimi?
Yo‘q. Ba’zi bolalarda bu vaqtinchalik odat bo‘lishi mumkin. Lekin doimiy oyoq uchida yurish, mushak tarangligi va boldir mushagining qisqarishi bilan birga kelsa — nevrolog ko‘rigi shart.
Toshkentda qayerda ko‘rikdan o‘tsa bo‘ladi?
Shaxzod Medical — Yunusobod tumani, Dehqonobod ko‘chasi 5A. Qabulga yozilish: +998 55 503 03 05. Konsultatsiya pullik, operatorlardan ma’lumot olish bepul.
Saytdagi ma’lumot umumiy ma’lumot xarakteriga ega va shifokor maslahatining o‘rnini bosmaydi.
Boshqa maqolalar